← Back to list

Bizda saharlab osh tarqatiladi, Koreyada esa pochta (yohud Koreyada onlayn savdo)

Do’stim, ozgina vaqtingiz bo’lsa, sizga Koreya iqtisodiyotining kichik bir bo’lagi haqida so’zlab bersam. Qizig’i shundaki, biz…

Valijon Turakulov · 2020-08-25 07:20 · 1 claps · 3.6 min read
#koreya #onlayn-savdo
Open on Medium ↗
Wiki topics: 🛠️ · Crafts & DIY

Bizda saharlab osh tarqatiladi, Koreyada esa pochta (yohud Koreyada onlayn savdo)

Do’stim, ozgina vaqtingiz bo’lsa, sizga Koreya iqtisodiyotining kichik bir bo’lagi haqida so’zlab bersam. Qizig’i shundaki, biz suhbatlashmoqchi bo’lgan ushbu ‘bo’lakcha’ ayni paytda bir qismni va ayni paytda butun boshli iqtisodni ifoda eta oladi. Qanday qilib bir narsa ham qism ham butun bo’la oladi, deb so’rayotgan bo’lsangiz, boshingizni yana bir savol bilan og’ritishga ijozat bergaysiz.

- Aytaylik, siz kechki payt internetdan nimadir sotib oldingiz. Ertalab eshikni ochsangiz-u, o’sha sotib olgan mahsulotingiz sizni intizorlik bilan kutib o’tirgan bo’lsa. Bu sizningcha hayratlanarli emasmi? Bu iqtisodning qaysi qismi?

Albatta, bu davlat iqtisodining bir qismi bo’lgan — onlayn savdodir. Ayni paytda onlayn savdoning tez, samarali va ishonchili bo’lishi uchun juda ham ko’p infrastruktura allaqachon bunyod etilgan bo’lmog’i kerak. Internet va aloqa vositalarining tez ekanligi-yu moliyaviy sohaning, ayniqsa, bank xizmatlarining ishonchli va zamonaviyligi; mahsulotni yetkazib berish uchun tezkor transport vositalaridan tortib yo’llarning ravonligi-yu iste’molchilarning yangi turdagi tovorlarga bo’lgan talablarini qondira oladigan darajadagi tezkor ishlab chiqarishgacha davlatdagi onlayn savdoning samarali ekanligini ko’rsatib beradi (Aksi o’laroq, onlayn savdo butun boshli iqtisodning qay darajada tezkor ekanligini ko’rsata oladi).

Suhbatimizdan maqsad o’zi aslida tezlikka asoslangan (“palli-palli”) Koreya iqtisodi aro yanada tezroq bo’lishga harakat qilayotgan onlayn savdo tizimi haqida biroz qiziqarli ma’lumotlar berish. Bu jarayonning qiziqarli (va ajablanarli) tomoni shundaki, tezlikning oshishi sifatning kamayishi hisobidan bo’layotgani yo’q. Ular har ikkisini ham birdek olib ketmoqdalar! Umid qilamizki, ayni paytda yurtimizda ‘chaqaloq’ soha bo’lgan onlayn savdo tizimida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz ushbu suhbatdan oz bo’lsa ham manfaat olishadi.

  1. Koreyadagi onlayn savdo tizimning eng kattalari Gmarket, Auction, Coupang, 11th Street, Interparklar bo’lib har birining o’ziga yarasha afzallik jihatlari bor. Lekin, hammasida ham mahsulotlarni did va tartib bilan tizimga joylanganligi, narxlarning imkon boricha bozor narxlaridan past ekanligi, mahsulotlarni o’z vaqtida yetkazib berish say-harakatlari-yu mahsulotdan ko’ngli to’lmagan mijozni ko’nglini olish kabilar yaqqol ko’rinib turadi. Albatta, mahsulotni platformaga joylab qo’yish bilangina ish bitmaydi. Balki, ishonchli va ayni paytda qulay to’lov tizimi ham kerak.

2. Shaxsiy tajribamdan ayta olaman-ki, Koreya onlayn savdo tizimida to’lovlar quyidagi tartiblarda amalga oshiriladi. Eng sekinidan — eng tezkor to’lov tizimiz sari:

a. An’anaviy usul — bankka borib Ariza to’ldirib to’lov qilish:

  • Lekin, bu tanlov Koreyslar uchun allaqachon kulgili tanlov bo’lib ulgurgan.

b. Bankomatlar orqali to’lov:

  • bu to’lov usuli ham deyarli eskirmoqda. Odamlar har narsani uylarida o’tirgan holda amalga oshirishni istaydilar.

c. Smart Banking orqali to’lov:

  • bu ayni paytda eng ko’p qo’llaniladigan usul: xariddan so’ng sizga qaysi hisob raqamiga va qaysi muddatgacha to’lov qilish haqida xabar keladi.. Telefoningiz dasturi orqali o’sha ma’lumotlardan foydalanib to’lovni amalga oshirasiz.

d. Kakao Pay orqali to’lov:

  • bu yuqoridagi usuldan ham tezroq. Telefongizga xabar kelishi bilanoq Kakao Pay to‘lov haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda o’ziga yuklab oladi va sizning birgina barmoq izingizni telefoningiz sensoriga tekkizib tasdiqlashingiz kifoya. (Aytib o’tish kerakki, aslida Kakao bu Koreyada eng mashhur (Telegramdek) chatlashish dasturi. Ayni paytda bu dastur o’zida o’nlab boshqa funksiyalarni jamlagan.)

e. Kompyuteringiz Brovseri (Chrome, Firefox…) orqali to’lov:

  • Bunisi yuqoridagi usuldan ham tezroq. Oldindan bir marotaba sozlab qo’yilganligi sabab, mahsulotni tanlab, oltitalik himoya kodingizni kiritishingiz kifoya. Mahsulot ostonangizgacha o’zi yetib keladi. Ayniqsa, bu mahsulot 20–25 kglik kartoshka, guruch yoki un mahsulotlari bo’lsa naqadar qulaylik!

E’tibor bergan bo’langiz, to’lov tizimlari ham shu darajada tezkorlikka va shu bilan mijozlarni jalb qilishga harakat qiladiki, imkon qadar ularning vaqtlarini tejaydilar.

Coupang.com yetkazib beruvchi xodimi

Coupang.com yetkazib beruvchi xodimi

3. Va kutganingizday oxirgi bosqich bu — o’z vaqtida yetkazib berish. Odatda mahsulotlar Koreya bo’ylab bir kun, ya’ni 24 soat ichida yetkazib beriladi. Bu degani pochta xizmatlari kecha-yu kunduz tinim bilmaydi. Yaqindan beri Coupang onlayn savdo tizimi bu jarayonni yanada tezlatdi. Ular mijozlarga 12 soat ichida yetkazib berishni va’da qilishdi va va’dalarining ustidan hayratlanarli darajada chiqishmoqda. (Keyinchalik dronlar orqali 12 soatli yetkazib berish 2–3 soatga tushsa ham kerak.) Ertalab olgan mahsulotingiz kechki paytgacha, kechki payt olganingiz esa ertalabgacha eshigingiz oldida muhayyo bo’ladi. Xo’sh, Coupang buni qanday uddalayapti?

Coupang nafaqat onlayn savdo tizimidagi sotuvchi va oluvchi o’rtasidagi tashkilot (platforma) bo’lib qolmay, ayni paytda o’zi ham sotuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Har bir shaharda Coupangning tarqatish markazlari bo’lib, sizning buyurtmangiz sizga eng yaqin joydan jo’natiladi. Undan tashqari Coupang boshqa pochta xizmatlariga ishonib qolmaydi. O’zining pochta xizmati bor bo’lib, shuning uchun, bemalol 12 soatda yetkazib beramiz deb va’da bera oladi.

O’ylaymanki, bizda ham onlayn savdo xizmatlari tez orada rivojlanadi. Chunki, zamon onlayn savdoniki!

Agar siz shu sohada biznes qilishni reja qilgan bo’lsangiz, kichik bir maslahat: yurtimizning ‘uzunchoq sifat’ geografik holatini hisobga oling. Ya’ni O’zbekistonning geografik tuzilishi ‘dumaloq’ shaklda emas. Bu esa pochta xarajatlarini oshiradi: Masalan, Andijondan Qoraqalpog‘istongacha 1.5 ming kmcha masofa. (Agar bu sohada katta marralarni erisha olsangiz, Markaziy Osiyoning o’rtasida joylashganimiz biznesingiz kengayishi uchun keyingi imkoniyatlar eshigini ochadi.)

Agar, har bir viloyat markazlarida alohida tarqatish markazlari bo’lishiga e’tibor berilsa, bu muammoni hal qilish mumkindek. Undan tashqari bu usul bilan yetkazib berish ham ancha tezlashgan bo’lar edi.

Eslab qoling! Avvalo, eng muhimi, mahsulot narxinining bozorga nisbatan arzon bo’lishligidir. Tabiiy sizning onlayn mahsulotingiz bozor narxlaridan arzon bo’lishi kerak. Chunki, do’konlarning ijara haqlari, konditsioner va va elektr xarajatlari, ishchilarning oylik to’lovlari bor. Sizda esa bu xarajatlar anchagina kam bo’ladi.

Narx arzon bo’lishi bilan bir qatorda, onlayn platformangizning ishonchliligi va mahsulot haqida to’liq ma’lumotning (rasm/videolar bilan) mavjudligi juda ham muhim. Chunki, birgina iste’molchining pozitiv izohi butun boshli biznesingiz rivojiga, aksi o’laroq negativ izoh esa kasodiga sabab bo’lishi ham hech gap emas. Onlayn savdo shu jihatlari bilan an’naviy — oflayn savdodan farq qiladi! Lekin, bir foydaga kirib olgach, marra sizniki! Kelajak onlaynlashishda!

Valijon Turakulov

Inha Universiteti (Koreya), Xalqaro Savdo doktoranti

*Xalqaro Savdo va Biznes* kanalimizga a’zo bo’ling: @XSB_iqtisod


메타데이터
post_id
2a1b9f032f50
slug
bizda-saharlab-osh-tarqatiladi-koreyada-esa-pochta-yohud-koreyada-onlayn-savdo-2a1b9f032f50
url
https://medium.com/@v-turakulov/bizda-saharlab-osh-tarqatiladi-koreyada-esa-pochta-yohud-koreyada-onlayn-savdo-2a1b9f032f50
canonical_url
https://medium.com/@v-turakulov/bizda-saharlab-osh-tarqatiladi-koreyada-esa-pochta-yohud-koreyada-onlayn-savdo-2a1b9f032f50
author_url
https://medium.com/@v-turakulov
status
ok
fetched_at
2026-07-23 20:36:08