Janubiy Koreyada haydovchilik guvohnomasini olish.
Koreyada haydovchilik guvohnomasini almashtirish yoki yangi olish
Janubiy Koreyada haydovchilik guvohnomasini olish.
Koreyada haydovchilik guvohnomasini almashtirish yoki yangi olish

Koreyada chet el fuqarosi sifatida haydovchilik guvohnomasini (*keyingi o’rinlarda: *prava **) olishning menga ma’lum 2 xil usuli bor.
I. Xalqaro konvensiyasiga ko’ra O’zbekistonda olingan B turidagi pravani, (11.11.2022 dan boshlab BC turidagi pravani ham) Koreyadagi istalgan prava olish markazi (운전면허시험장)ga quyidagi hujjatlar topshirish orqali (강남운전면허시험장 dagi holatda quyidagilar taqdim qilindi): 1. Yashil va qizil pasport 2. ID karta 3. Immigratsiya sertifikati (출입국사실증명서) — 10 kunlik muddatdan oshmagan bo’lishi kerak. — Online shaklda (?!) tekinga YOKI istalgan immigratsiya markazidan 2000 vonga (Gangnamga eng yaqin immigratsiya markazi manzili 도심공항터미널 출입국사무소 , 2-qavat) YOKI turar joyiningizga yaqin mahalla (Community Service Center — 동사무소)ga oldindan telefon qilib, borib olish mumkin. (10.09.2024 sanasidagi ma’lumot).

Gangnamdagi 도심공항터미널 출입국사무소da qoldirilgan e’lon
Tip: Gangnamga boriladigan holatda avval 도심공항터미널 출입국사무소 ga borib immigratsiya sertifikatini olib, keyin markazga borgan ma’qul.
4. O’zbekistonda olingan asl haydovchilik guvohnomasi ID kartasi. 5. Pravaning koreys yoki ingliz tiliga qilingan tarjimasining notarial tasdiqlangan va apostil qilingan hujjati. — muddati 1 yildan oshmagan bo’lishi kerak. 6. 3 ta 3.5x4.5 rasm — muddati 6 oydan oshmagan bo’lishi kerak. — Gangnamdagi binoning 2–qavatida 10,000 vonga 6 ta olish mumkin..

Rasmxona, 2-qavat (강남운전면허시험장, Gangnam).
Demak, markazga borilganda foreign license bo’limidan navbat olinib murojaat qilinadi. Xodim hujjatlarni olib, tekshirib, sizga shaxsiy ma’lumotlarni kiritish uchun anketa beradi. Uni to’ldirib, B1 qavatga ko’z tekshiruviga borishni aytadi. B1 qavatda oddiy (class II, regular, B tur) prava almashtirish holatida tekshiruv uchun 6000 von to’lanadi. Tekshiruvdan o’tish qiyin emas (ko’z tekshiruvidan yiqilish uchun deyarli ko’r bo’lish kerak 😧). Tekshiruvdan o’tib, anketa olingan joyga qaytib, yana navbat olib, tekshiruv hujjatlarini berasiz. Ular tekshiradi, muammo yo’q bo’lsa, prava ID kartasi ularda qolishini, mamlakatdan chiqib ketishda ID karta va chipta nusxasi bilan borilsa qaytib berilishini aytadi. Shuningdek, 1-oyna tarafdagi monitor yaqinida kutishni va monitorda isminigiz ko’ringach 1-oynaga borishni aytadi. 1-oynada sizdan ID kartangiz so’raladi, ular IDni o’zlaridagi rasm bilan solishtirib, sizga koreys pravasini tutqazishadi. Shu bilan u yerda ishingiz nihoyasiga yetadi.
II. Koreyada koreys fuqarolari kabi barcha yozma va amaliy imtihonlarni topshirish orqali.
Bu asosan umuman pravasi yo’qlarga to’g’ri keladi. Bu turdagi imtihon biroz mehnat talab qiladi. Imtihon 3 qismdan iborat. Keyingi bosqichga avvalgisidan o’tgan holdagina ro’yxatdan o’tish mumkin.
- Yozma imtihon.
Eng birinchi shu yozma testdan o’tish kerak bo’ladi. Bu komputerlashtirilgan test bo’lib, jami 40 ta savol, maksimum 100 ball beriladi. Shundan 60 va undan yuqori ball olingan taqdirda imtihondan o’tgan hisoblanasiz. 1000 talik savollar to’plamini oldindan o’qib o’rganish ayni muddao.
Savollar to’plamini quyidagi Google Drivedan yuklab olish mumkin: *https://drive.google.com/file/d/1s5HV6SgGRMR9A_WHlJtfiattEx35wqzQ/view?usp=sharing*
Tip: Savollar to’plamida 680–965 savollar tasvirli va 965–1000 savollar video-tasvirli savollar bo’lib, asosiy urg’u shu savollarga tayyorlanishga berilsa maqsadga muvofiq. Matnli savollarni ham hech bo’lmasa bir marta o’rganib chiqish lozim.
Testlarni ilova shaklida ham o’rganish mumkin. Ilovalar paneli (App Store, Play Market) 운전면허 deb qidirsangiz kifoya. Ilova tilini ingliz tiliga sozlab olishingiz ham mumkin. **Kerakli hujjatlar:
- ID karta
- Qizil pasport
- 3.5x4.5 rasm (jami 4 dona) Ariza (application form)** va boshqa hujjatlar o’sha yerning o’zida to’ldiriladi.

Ariza (application form) namunasi.

Shaxsiy ma’lumotlaringizdan foydalanishga rozilik xati.
Bu yo’sinda prava olishni niyat qilganlar testga tayyorgarlik ko’rib bo’lgach, prava olish markaziga borib, avval xavfsizlik ta’limi (safety education) uchun ro’yxatdan o’tishadi.

Xavfsizlik ta’limi (safety education) uchun ro’yxatdan o’tish. Rasmda chapda, 12-oyna, 2–qavat (강남운전면허시험장, Gangnam).
Buni online tarzda amalga oshirish ham mumkin. Keyin 1 soat davomida xavfsizlikka oid video darslik ko’riladi. So’ng oddiy (class II, regular, B tur) prava olish uchun ariza (application form) to’ldiriladi. Arizani 1- va 2- qavatlarda hujjat namunalari turgan joydan oson topish mumkin. Keyin B1 qavatga ko’z tekshirishga tushiladi (to’lovi 6,000 von). U yerdan chiqib 4-qavatda komputerda yozma test topshirishga boriladi.

Yozma imtihon topshirish joyi, 4–qavat (강남운전면허시험장, Gangnam).
Testdan o’ta olsangiz 2-qavatga tushib, navbat olib, ichki imtihonga (in-house exam) mavjud sana va vaqtlar uchun ro’yxatdan o’tasiz (to’lovi 22,000 von). Imtihonlarda olib yurishingiz kerak bo’ladigan ariza (application form) o’zingizda qoladi (tag’in yo’qotib yurmang-a?! 😉). Shu bilan o’sha kuni qilishingiz mumkin bo’lgan ishlar yakuniga yetadi.
2. Ichki imtihon (in-house exam). Ro’yxatdan o’tgan sanada, vaqtidan 10–15 daqiqa oldin kelasiz va agar online tarzda ro’yxatdan o’tgan bo’lsangiz, to’g’ri 2-qavatga ko’tarilib 1-oynaga navbatsiz murojaat qilasiz. U yerda arizaga muhr qo’yib berishadi. (Agar imtihon markazida ro’yxatdan o’tgan bo’lsangiz, muhr uchun 2-qavatga borish shart emas.) Keyin, binoga kiraverishdan o’ng tarafga qarab yurib kirib boriladigan joyga borishni aytishadi (yana bir o’qing, tushunasiz 😅). U yerda siz imtihonga oid 10 daqiqalik eslatma-video ko’rasiz.

Ichki imtihon (in-house exam) uchun eslatma-video ko’rish xonasi (강남운전면허시험장, Gangnam).
Imtihon vaqtiga yaqin xodim kelib ichki imtihon topshirish yo’riqnomasi bilan tanishtiradi va arizaga muhr qo’yib beradi. Aynan shu yerda imtihonni qaysi tilda olishni so’rashadi (ingliz yoki koreys). So’ng barcha imtihon topshirish hududiga boradi. Bu hudud ko’prik bor yo’lning narigi tarafida joylashgan.

Ichki imtihon (in-house exam) bo’ladigan maxsus hudud (강남운전면허시험장, Gangnam).
U yerda ariza va ID karta kerak bo’ladi. Sizga berilgan navbatga ko’ra chaqirilishingizni aytishadi va arizani olishadi. Navbatingiz kelganda esa kichik qizil hududga borib (COVID alert: maskangizni yechib, yuzingizni ko’rsatib) tasdiqdan o’tasiz va xodim sizga qaysi avtolulovga chiqishni aytadi. Shu bilan imtihon boshlanadi. Ichki imtihonga oid videolarni YouTube orqali ko’rib o’rganishingiz mumkin. Masalan, ichki imtihon xaritasi bo’yicha (koreys tilida). Imtihondan o’tish uchun minimal ball 80 bo’lib, har bir qoidabuzarlik uchun har xil jarima ballari belgilangan. Yo’lni to’liq bosib o’tgunizcha imtihondan yiqilsangiz (baland ovozda 🔈) e’lon orqali buning xabari beriladi va instruktor kelib avtolulovni boshqarib dastlabki joyiga olib boradi. Imtihonni qayta topshirish ham asosiy binoning 2-qavatida, qaytadan ro’yxatdan o’tish va to’lov bilan amalga oshiriladi.
Eslatma: Imtihon davomida avariya holati yoki biror moddiy zarar yetkazilsa javobgarlik sizning zimmangizga yuklanadi.
Imtihondan o’tgach, hujjatlaringizni olishga maxsus hudud yonidagi oynaga borasiz va keyingi imtihon — tashqi imtihonga (outside driving) ro’yxatdan o’tish uchun yana asosiy binoning 2-qavatiga chiqasiz, navbat olib ro’yxatdan o’tasiz. Sizga aynan o’sha kuni avtoulov boshqarish uchun mashq stikeri ham beriladi (to’lovi 6 ming von). Siz bu stiker bilan 1 yilgacha muddatda, yoningizda 2 yillik tajribaga ega haydovchilik guvohnomasi bor kishi bilan mashq sifatida avtoulovni boshqarishingiz mumkin. Shuningdek, mashq davomida avtoulovda 주행 연습 stikeri bo’lishi talab qilinadi.
3. Tashqi imtihon (outside exam) Gangnamdagi imtihon markaz imtihonidan o’tishni reja qilgan bo’lsangiz 4 ta maxsus yo’llar marshruti mavjud bo’lib, yo’l xaritalari mazkur imtihon turiga ro’yxatdan o’tganda qo’lga beriladi. YouTubega ham namunaviy haydash ko’rsatmalari joylashtirilgan. Videolarni bir necha marta ko’rib, yo’l qoidalarini takrorlab olish maqsadga muvofiq. Yo’l xaritalarini yodlash ham katta yordam beradi. Imtihon kunida hech qanday tasdiqlatishsiz, binoga kiraverishdan o’ng tarafga qarab yurib kirib boriladigan joyga (😆) borishingiz mumkin.

Tashqi imtihon (outside exam) uchun eslatma-video ko’rish xonasi (강남운전면허시험장, Gangnam).
U yerda tashqi imtihonga oid eslatma-video va ko’rsatmalar bilan tanishtirilasiz. So’ng ID karta va arizani olish uchun xodim keladi va (COVID alert: yuz niqobini yechishni so’ragan holda) shaxsingizni tasdiqlaydi. Aynan shu yerda imtihonni qaysi tilda topshirishingizga aniqlik kiritasiz (ingliz yoki koreys). Birozdan so’ng ismingiz chaqiriladi va 2–3 kishiga biriktirilgan xodim imitihon topshirish tartibini qisqa qilib tushuntiradi. Siz (1 yoki 2 marta) boshqa kishi topshiradigan imtihon kuzatuvchisi bo’lishingiz ham mumkin. Shunday qilib, xodim tushuntirgan tartib bo’yicha imtihon olish uchun avtolulovga chiqiladi.
Eslatma: Imtihon topshiruvchi albatta rulga o’tirishdan oldin tashqi tarafdan avtoulovning u yoq — bu yoqlariga nazar solib chiqishi kerak bo’ladi. Bu ham imtihonning bir qismi hisoblanadi.
Imtihondan o’tgach, xodim qo’lingizga arizani muhrlab beradi va siz yana asosiy binoning 2-qavatiga ko’tarilib navbat olasiz. Navbatingiz kelgach, 1 dona rasm (3.5x4.5 ), ID karta va arizani xodimga uzatasiz. Xodim prava kartasini ingliz tilida olsangiz to’lov 10,000 von bo’lishini va birozdan so’ng 9- yoki 10- oynadan sizni chaqirishlarini aytadi.

Prava olish oynalari, 2-qavat (강남운전면허시험장, Gangnam).
Eslatma: Aynan shu vaziyatda pravani mobil versiyasini ham qilib berishni so’rashingiz mumkin, ammo biz o’zbeklarning 3-4 so’zdan iborat uzun ism-shariflarimiz arizaga qisqartirilgan shaklda kiritilgani tufayli, mobil versiya qilib olish mumkin emasligini aytishadi. 😧
5–10 daqiqadan so’ng xodim ismingiz bilan chaqiradi va shaxsingizni tasdiqlagach, sizga pravangizni beradi. Shu bilan ushbu bosqich ham yakunlanadi. Endi bemalol (ehtiyotkorlik bilan) avtoulovni boshqarishingiz mumkin. Omad. 😀
메타데이터
- post_id
- a96cdff710ca
- slug
- janubiy-koreyada-haydovchilik-guvohnomasini-olish-a96cdff710ca
- url
- https://medium.com/@sohibtoxtayev/janubiy-koreyada-haydovchilik-guvohnomasini-olish-a96cdff710ca
- canonical_url
- https://medium.com/@sohibtoxtayev/janubiy-koreyada-haydovchilik-guvohnomasini-olish-a96cdff710ca
- author_url
- https://medium.com/@sohibtoxtayev
- status
- ok
- fetched_at
- 2026-07-26 14:13:14