Kasb tanlash
Xarakter va shaxsiyatdan boshqa yana qaysi omillarga e’tibor berish kerak?
Kasb tanlash

Source: CFNC
Xarakter va shaxsiyatdan boshqa yana qaysi omillarga e’tibor berish kerak?
O’tkan maqolada kasb tanlashda shaxsiyatingiz va xarakteringizni ahamiyati haqida gaplashgandik. Bu safar boshqa omillar haqida ham gaplashamiz.
- Kuchli taraflaringiz. Tanlagan kasbingiz kuchli taraflaringizni yanada ochib bersa bundan zo’ri yo’q. To’g’ri, inson doim o’sa oladi va kuchsizroq bo’lgan taraflarini ham rivojlantirishi mumkin. Lekin ba’zi narsalarni o’zgartirish judayam qiyin yoki imkonsiz bo’ladi. Masalan, men savdo sotiq (sales) bo’yicha ishlaganman lekin introvert bo’lganim, muloqot qilish ustunlik tarafim bo’lmagani va odamlar bilan ishlashda uncha yaxshi bo’lmagani uchun bu sohada ko’p ishlamaganman. Agar kuchli tarafingiz tahlil qilish va raqamlar bilan ishlash bo’lsa masalan, moliyaviy tahlilchi (financial analyst) yoki ma’lumotlar tahlilchisi (data analyst) kasblari sizga tushishi mumkin. Shu sabab, kuchli taraflaringizni ochib beradigan kasbni tanlash ishingizda tezroq o’sishingizga va uni yaxshi ko’rib qilishingizga sababchi bo’ladi.
Birinchi postda men yuborgan kasb tanlash haqidagi onlayn testlar ham sizni kuchli taraflaringizni aniqlagan holatda, sizga qaysidir kasblarni tavsiya qiladi.
Masalan, men tahlil qilishda, raqamlar bilan ishlashda, mayda detallarga judayam e’tiborli bo’lganim uchun biznes/ma’lumotlar tahlilchisi kasbini tanlaganman.
2. Ish va hayot o’rtasidagi muvozanat. Eng muhim narsani unutmang — siz hayotga ishlash uchun emas, ishlash orqali yaxshi va mazmunli yashash uchun kelgansiz. Shu sabab tanlagan kasbingiz sizga ish va hayot o’rtasida muvozanatni saqlab turishingizga imkon berishi kerak. Masalan, tanlaydigan kasbingizni masofadan (remote) turib har qanday yerdan qila olish imkoni bo’lsa, menimcha bu sizga anchagina qulaylik yaratadi. Ushbu havolada masofadan turib qilish mumkin bo’lgan kasblar ro’yhatini topishingiz mumkin.
3. Tanlamoqchi bo’lgan kasbingizda ITning o’rni haqida bilish. Xohlaysizmi yoki yo’q, har qanday sohaga texnologiya va sun’iy intellekt (Artificial Intelligence) kirib kelyapti va sohalarni o’zgartirib yuboryapti. Shu sabab, siz tanlamoqchi bo’lgan kasbingizda texnologiyaning o’rni haqida yaxshi bilishingiz kerak. Masalan, hisobchi (buxgalter) kasbi texnologiya tufayli kelajakda ancha o’zgarishlarni boshdan kechiradi. Lekin bu kasb yo’qolib ketadi degani emas. O’zini sohasida paydo bo’layotgan texnologiyalardan o’zini ishida yaxshi foydalana oladigan hisobchilargina omon qoladi degani. Ushbu havolada texnologiya va sun’iy intellekt sohalarni qanday o’zgartirayotgani haqidag maqolani o’qishingiz mumkin.
4. Kelajagi va salohiyati (potensiali) bor kasblarni tanlash. Yaqin kelajakda yo’qolib ketadigan, ahamiyati pasayib ketadigan yoki tubdan o’zgarib ketadigan kasblardan iloji boricha cheklanish kerak. Sababi, bir kasbni o’rganish va u kasbning mutaxassisi bo’lish ko’p vaqt va kuch talab qiladi. Bir kasbni o’rganib, 5–10 yildan keyin boshqa kasbni noldan o’rganishni hech kim xohlamasa kerak. Ya’ni shunday kasb tanlangki, u kasb bilan butun umr shug’ullana olishingizga ishonchingiz komil bo’lsin.
To’g’ri, sizga qaysidir kasbni yo’qolib ketish ketmasligini hech kim 100 foiz ishonch bilan ayta olmaydi. Lekin hozir deyarli hamma sohaga texnologiya va sun’iy intellekt (Artificial Intelligence) kirib boryapti va natijada, ba’zi kasblarni texnologiya va sun’iy intellekt o’rnini bosib ketyapti. Masalan, hozir sun’iy intellekt orqali haydovchisiz mashinani boshqarish imkoniyatlari chiqyapti va natijada, taksi haydovchisi kasbining ahamiyati kelajakda pasayib ketadi (kim bilar balki yo’qolib ham ketar..). Masalan, yaqindagina haydovchisiz Uber taksi (Uber — bizdagi Yandex ga o’xshagan taksi xizmati) haqidagi videolar chiqdi.
Xulosa qilib aytganda, hech qaysi ish sizga 100 foiz mos tushadi deb o’ylamayman. “Agar sevgan ishingizni qilsangiz, hayotingizda bir kun ham ishlamaysiz” (ya’ni to’liq rohatlanasiz degan ma’noda) ma’nosidagi iqtiboslar ko’p. Lekin men bu iqtiboslarga qo’shilmayman sababi har qanday ishning qiyinchiliklari, sizga yoqmaydigan taraflari bo’ladi. Shu sabab, menimcha siz o’zingizga 100 foiz mos tushadigan kasbni emas, ko’proq qismi yoqadigan kasbni tanlashingiz kerak. Har qanday kasbning ham sizga yoqmaydigan tarafi bo’ladi. Agar qaysidir kasbda ular kamroq bo’lsa va chiday oladigan darajada bo’lsa, va eng muhimi o’sha kasbning asosiy qismini yoqtirsangiz, unda bu kasb siz uchun.
Agar kasb tanlash haqidagi postlarim judayam uzun bo’lib ketgan bo’lsa uzr so’rayman. Kasb tanlash haqidagi o’zim bilgan barcha omillar haqida yozib o’tishga harakat qildim. Umid qilamanki, bu post kimnidir kasb tanlash jarayonida yordam beradi.
메타데이터
- post_id
- cc111fb9ae2e
- slug
- kasb-tanlash-cc111fb9ae2e
- url
- https://medium.com/@a.abdurakhmonov09/kasb-tanlash-cc111fb9ae2e
- canonical_url
- https://medium.com/@a.abdurakhmonov09/kasb-tanlash-cc111fb9ae2e
- author_url
- https://medium.com/@a.abdurakhmonov09
- status
- ok
- fetched_at
- 2026-06-27 18:20:27