← Back to list

Yolg’onda yashamaylik! — Soljenitsin

Avtoritar davlatda hur inson sifatida yashab qolishda Aleksandr Soljenitsin qalamiga mansub “Жить не по лжи” essesi beqiyos o’rin tutadi…

Sardor Salim · 2022-05-21 10:28 · 31 claps · 5.4 min read
#zulm
Open on Medium ↗

Yolg’onda yashamaylik! — Soljenitsin

Yolg’onda yashamagan August Landmesser

Yolg’onda yashamagan August Landmesser

Avtoritar davlatda hur inson sifatida yashab qolishda Aleksandr Soljenitsin qalamiga mansub “Жить не по лжи” essesi beqiyos o’rin tutadi. Sovet ziyolilariga qilingan bu xitobni o‘zbek tiliga Eldar Asanov tarjima qildi.

Yo’lg’onda yashamaylik!

Qachonlardir biz shivirlab shitirlashga ham jur’at eta olmas edik. Mana endi O‘znashrda yozamiz va o‘qiymiz, bir-birimizga esa, ITI chekishxonalarida yig‘ilishib olib, astoydil hasrat qilib olamiz: ular qanday ishkallar chiqarmaydi, bizlarni qayerga tortmaydi deysiz! Uyning xarobaligi va qashshoqligi holida keraksiz fazolarcha maqtanchoqlik; uzoq yovvoyi rejimlarni mustahkamlash; fuqarolik urushlarini alangalatish; o‘ylamay-netmay Mao Sze-dunni yetishtirishdi (bizning mablag‘imiz hisobiga) — bizni-o‘q unga qarshi haydashadi, va borishga to‘g‘ri keladi, qayoqqa qochasan? Kimni xohlashsa, shuni sud qilishadi, sog‘larni aqli noqislar qatorida quvalashadi — buning barini “ular qiladi”, biz esa — kuchsizmiz. Tag-tubiga yetib bormoqda, barchamizga yalpi ruhiy halokat diydor ko‘rgizmoqda, jismoniysi mana-mana uchqun olib, barimizni bolalarimizga qo‘shib yoqib yuboradi, — biz esa ilgarigidek tabassum qilib, qo‘rqoqlarcha tutilib-sutilib g‘udranamiz: – Biz ularga qanday xalaqit beramiz? Bizda kuch yo‘q.

Biz shu darajada umidsizcha g‘ayriinsoniylashib ketdikki, bugungi kamtarona teganamiz uchun hamma prinsiplarimizni, o‘z ruhimizni, ajdodlarimizning barcha sa’y-harakatlarini, avlodlarning butun imkoniyatlarini berib yuboramiz — bepand mavjudligimizni buzmasak bo‘ldi. Bizda qat’iylik, g‘urur, yurak tafti qolmadi. Biz hatto umumiy atom ajalidan qo‘rqmaymiz, uchinchi jahon urushidan qo‘rqmaymiz (balki biror tirqishga berkinib olarmiz), — biz faqat fuqarolik jasorati qadamlaridan qo‘rqamiz! Biz podadan ajralmasak, yakka qadam tashlamasak — va to‘satdan oq nonsiz, gaz kolonkasisiz, Moskva propiskasisiz qolmasak yetarli.

Siyosiy to‘garaklarda miyamizga qanday quyilgan bo‘lsa, shunday o‘rnashib qoldiki, asriy sukunatda qulay yashash yaxshi: muhit, ijtimoiy sharoitlar, ulardan otilib chiqib keta olmaysan, borliq ongni belgilab beradi, bizning nima aloqamiz bor? Biz hech narsa qila olmaymiz.

Aslida esa biz hamma narsa qila olamiz, ammo o‘zimizni tinchlantirish uchun o‘zimizga yolg‘on gapiramiz. Hech qanday “ular” hammasiga aybdor emas — biz o‘zimiz, yolg‘iz biz!

E’tiroz bildirishadi: axir rostanam hech narsa o‘ylab topa olmaysan! Bizning og‘zimizni boylab qo‘yishdi, bizga quloq osishmaydi, bizdan so‘rashmaydi. Ularni bizni eshitishga qanday majbur etish mumkin? Ularni fikridan qaytarish — imkonsiz. Ularni qayta saylash maqsadga muvofiq bo‘lur edi! — illo, bizning mamlakatimizda qayta saylovlar bo‘lmaydi.

G‘arbda odamlar ish tashlashlarni, norozilik namoyishlarini biladi, — ammo biz ortiq darajada ezilganmiz, biz uchun bu qo‘rqinchli: qanaqasiga — birdan ishdan voz kechish, qanaqasiga — birdan ko‘chaga chiqish?

Oxirgi bir asr mobaynida achchiq rus tarixining sinovidan o‘tgan bu va boshqa mash’um yo‘llar, — aniq bizlar uchun emas, rostanam — kerak emas! Endilikda, boltalar chopadiganini chopib, ekilgan hosil berib bo‘lganida, — ko‘rib turibmiz, terror bilan, qonli qo‘zg‘olon va fuqarolik urushi bilan mamlakatni adolatli va baxtli qilishni o‘ylagan o‘ziga bino qo‘ygan yoshlarning urug‘i qanchalar urchib ketganini. Yo‘q, rahmat, ma’rifat otalari! Endi biz bilamiz, uslublar qabihligi natijalar qabihligida meva berishini. Bizning qo‘llarimiz — insholloh, toza bo‘lsin!

Demak, yo‘llar berkildimi? Chiqish chindanam yo‘qmi? Harakatsizcha kutishdan boshqa choramiz yo‘qmi: balki biror nima qo‘qqisdan, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolar?

Lekin u hech qachon bizdan o‘z-o‘zicha ko‘chib tushmaydi, agarda biz kunlar osha uni tan olsak, ko‘klarga ko‘tarsak va mustahkamlasak, agarda hech bo‘lmaganda uning eng zaif nuqtasidan qochmasak. Yolg‘ondan.

Zo‘ravonlik insonlarning osuda hayotiga bostirib kirganida — uning yuzi ishonch-la chaqnaydi, u yalovini baland ko‘tarib, baqiradi: “Men — Zo‘ravonlikman! Chekin, tarqal — yanchib tashlayman!”. Ammo zo‘ravonlik tezda keksayadi, bir necha yil — va u o‘ziga ishonchni yo‘qotadi, o‘zini tutib turish, tuzuk ko‘rinish uchun, — muqarrar o‘zining ittifoqchisini chaqiradi. Yolg‘onni. Zero: zo‘ravonlik yolg‘ondan bo‘lak hech narsa bilan yopina olmaydi, yolg‘onni esa faqat zo‘ravonlik tutib tura oladi. Zo‘ravonlik o‘zining og‘ir panjasini har qanday yelkaga har qanday kunda ham qo‘ya bermaydi: u bizdan faqat yolg‘onga bo‘ysunishni, har kuni unda ishtirok etishni talab qiladi — butun tabaalik mana shunda. Mana shu yerda erkinligimiz sari biz mensimaydigan, eng oddiy, eng hammabop kalit bor: yolg‘onda shaxsan ishtirok etmaslik! Mayli yolg‘on hammani narsani qoplagan bo‘lsin, mayli yolg‘on hamma narsaga egalik qilsin, lekin eng kichigida tiranib turib olamiz: men orqali egalik qilmasin! Va bu — harakatsizligimizning xayoliy halqasidagi yoriq! — biz uchun eng oson va yolg‘on uchun eng vayronkordir. Zero odamlar yolg‘ondan sapchib tushganlarida — u mavjudligini bitiradi. Maraz singari, u faqat odamlar egnida bor bo‘lishi mumkin.

Targ‘ibotga uchmaymiz, maydonlarga chiqib, haqiqatni xitob qiladigan, o‘ylagan narsamizni ovoz chiqarib aytadigan darajada ulg‘aymadik, — kerak emas, bu qo‘rqinchli. Lekin hech bo‘lmaganda o‘ylamayotgan narsamizni aytishdan voz kechaylik!

Mana shu bizga chirmalib, o‘sib-ungan tabiiy qo‘rqoqligimizda eng oson va qulay yo‘ldir, u (aytishga qo‘rqadi odam) Gandi bo‘yicha fuqarolik bo‘ysunmasligidan anchayin bosiqroqdir.

Bizning yo‘limiz: ongli ravishda yolg‘onni hech qanaqasiga qo‘llab-quvvatlamaslik! Haqiqat chegarasi qayerdaligini anglagach (u har kimga boshqacha ko‘rinadi), — bu qorason sarhaddan chekinish! Mafkuraning o‘lik ustixonlari va po‘stloqlarini yopishtirib chiqmaslik, chirik matolarni tikib chiqmaslik — va biz yolg‘on qanchalar tez va nochor ko‘chib tushishini, yalang‘och bo‘lishi lozim narsa dunyoga yalang‘och namoyon bo‘lishini ko‘rib taajjubga tushamiz.

Shunday qilib, bizning jur’atsizligimiz oralab har kim tanlasin: u ongli ravishda yolg‘onning quli bo‘lib qoladimi (o, o‘z-o‘zidan, moyillik tufayli emas, oilasini boqish uchun, bolalarini yolg‘on ruhida tarbiyalash uchun!), yoki bir qoqinib, o‘z bolalari va zamondoshlari hurmatiga sazovor halol-pok inson bo‘lib qaddi-bastini ko‘tarish payti keldimi. Va shu bugundan u: – bundan buyon, uning fikricha, haqiqatni egib-bukayotgan bir dona jumlani ham hech qanday usulda yozmaydi, imzolamaydi, bosmaydi; – bunday iborani shaxsiy suhbatda ham, ko‘pchilik orasida ham o‘z nomidan ham, shpargalka bo‘yicha ham, agitator, o‘qituvchi, tarbiyachi rolida ham, teatr roli bo‘yicha ham aytmaydi; – o‘zi fahmiga borayotgan birorta yolg‘on fikrni, birorta nohaq gapni tasviriy, haykaltaroshlik, fotografik, texnik, musiqiy ifodalamaydi, jo‘r qilmaydi, uzatmaydi; – yaltoqlik uchun, sug‘urta uchun, o‘z ishining muvaffaqiyati uchun birorta “rahbarlik” iqtibosini og‘zaki ham, yozma ham keltirmaydi, agar iqtibos qilinayotgan fikrga to‘laligicha qo‘shilmasa yoki u aynan shu yerga aloqador bo‘lmasa; – o‘zini xohishi va irodasiga qarshi namoyish yoki mitingga borishga majbur qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi; to‘laligicha qo‘shilmaydigan shior aks etgan transparantni qo‘liga olmaydi, havoga ko‘tarmaydi; – samimiy qo‘shilmaydigan taklif uchun saylash qo‘lini ko‘tarmaydi; nomunosib yoki noloyiq deb hisoblagan shaxs uchun ochiq ham, yashirin ham ovoz bermaydi; – masalaning majburiy, noto‘g‘ri talqindagi muhokamasi kutilayotgan yig‘ilishga kirishga majbur qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi; – orator og‘zidan yolg‘on, mafkuraviy safsata yoki tortinmay irod qilinayotgan targ‘ibotni eshitgan hamon majlisni, yig‘ilishni, ma’ruzani, spektaklni, kinoseansni tark etadi; – axborot soxtalashtiriladigan, birlamchi faktlar berkitiladigan gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lmaydi va uni chakana xarid qilmaydi. Biz, tabiiyki, yolg‘onga chap berishning barcha mavjud va zarur yo‘llarini sanab o‘tmadik. Lekin tozalanishni boshlagan, — tozalangan nigoh bilan boshqa holatlarni ham yengil farqlaydi. Ha, birinchi pallada hammasi bir tekis kechmaydi. Kimdir vaqtinchalik ishidan mahrum bo‘ladi. Bu dastlab rost bo‘yicha yashashni istagan yoshlarning yosh hayotini juda qiyinlashtiradi: axir javob berilayotgan darslar ham yolg‘onga to‘lib-toshgan, tanlash kerak bo‘ladi. Lekin haqqoniy va halol bo‘lishni xohlagan hech kim uchun bu yerda birorta tuynuk qoldirilmagan: bir kun ham bizning hech qaysimiz hatto eng xavfsiz texnik fanlarda yuqorida tilga olingan birorta qadamni chetlab o‘ta olmaymiz — haqiqat tarafga yoki yolg‘on tarafga; ruhiy mustaqillik tomon yoxud ruhiy qarollik tomon. Va hech bo‘lmasa o‘z ruhini himoya qilishga jasorat topa olmaganlar, — ilg‘or qarashlari bilan faxrlanmasin, akademik yoki xalq artisti, xizmat ko‘rsatgan arbob yoki general ekanligidan kekkaymasin, — o‘ziga ro‘y-rost aytsin: men — qo‘rqoq qarolman, qornim to‘qlikda, oyog‘im issiqlikda bo‘lsa bas.

Hatto shu yo‘l — qarshilik ko‘rsatishning barcha yo‘llari ichida eng mo‘’tadili — o‘tirib qolganlar uchun oson bo‘lmaydi. Lekin u o‘ziga o‘t qo‘yish va ocharchilikdan shunchalar osonki: olov tanangni chulg‘ab olmaydi, ko‘zlaring haroratdan yorilmaydi, oilang uchun ham qora non va toza suv har doim topiladi.

Yevropaning biz sotgan, biz aldagan buyuk xalqi — chexoslovaklar — axir himoya qilinmagan ko‘krak, agarda uning ichida munosib qalb gupirayotgan bo‘lsa, hatto tanklarga qarshi turib bera olishini ko‘rsatib qo‘ymadimi? Bu oson yo‘l bo‘lmaydi, — lekin mumkin yo‘llardan eng osoni bo‘ladi. Tana uchun oson tanlov emas, — lekin ruh uchun yagona tanlov. Yengil yo‘l emas, — ammo oramizda allaqachon shunday insonlar, o‘nlab insonlar borki, ular yillar mobaynida barcha punktlarga bardosh berib kelmoqda, haqiqat bo‘yicha yashamoqda.

Demak: bu yo‘lga birinchi bo‘lib qadam qo‘ymaymiz, — qo‘shilamiz! Unga qanchalik zich bo‘lib, ahil kirib borsak, bu yo‘l barchamiz uchun shunchalik osonroq va qisqaroq bo‘ladi! Minglar bo‘lamiz — va hech kim bizga bas kela olmaydi, hech kim hech narsa qila olmaydi. O‘n minglar bo‘lamiz — va biz o‘z yurtimizni tanimay qolamiz!

Agar biz yana qo‘rqoqlik qilsak, shikoyat qilish yetar, birov bizga nafas olishga bermayapti emas — bizning o‘zimiz bermayapmiz! Yanada bukilaylik, kutib turaylik, biolog birodarlarimiz esa fikrlarimizni o‘qish va genlarimizni o‘zgartirishni yaqinlashtirishga yordam berishadi. Biz hatto shunda ham qo‘rqoqlik qilsak, biz — past, mayda, umidsiz omilarmiz, va Pushkinning bu nufuri bizgadir: Podalarga erk tuhfasi yot: Bichilish va qirqilish — marra. Meros emish avlodma-avlod Bo‘yinturuq, halqa va darra.

1974 yil, 12 fevral


메타데이터
post_id
eb8fdceee1df
slug
yolgonda-yashamaylik-soljenitsin-eb8fdceee1df
url
https://medium.com/@sardor-salim/yolgonda-yashamaylik-soljenitsin-eb8fdceee1df
canonical_url
https://medium.com/@sardor-salim/yolgonda-yashamaylik-soljenitsin-eb8fdceee1df
author_url
https://medium.com/@sardor-salim
status
ok
fetched_at
2026-07-27 02:28:45